Jahon savdosidagi 4 trln dollarlik zaifliklar yangi imkoniyatlar yaratmoqda: McKinsey
McKinsey Global Institute bahosiga koʻra, qiymati 4 trln dollardan ortiq boʻlgan tovarlar zaif taʼminot zanjirlariga bogʻliq

Institut jahon savdosining «Axilles tovoniga» iqtisodiyot uchun bir vaqtning oʻzida muhim boʻlgan, cheklangan sonli yetkazib beruvchilarga bogʻliq yoki geosiyosiy jihatdan uzoq hamkorlardan keladigan tovarlarni kiritadi. Gap neft va noyob yer metallari kabi xomashyodan tortib, akkumulyatorlar, mikrosxemalar va transformatorlargacha boʻlgan xomashyo, butlovchi qismlar hamda tayyor mahsulotlar haqida bormoqda.
Bunday zaif taʼminotning eng katta ulushi elektronikaga toʻgʻri keladi: uning importining 43 foizi kamida ikkita xavfga duch keladi. Bu guruhga smartfonlar, sunʼiy intellekt tizimlari uchun xotira chiplari va litiy-ion batareyalar kiradi. Noyob gazlar, kema dvigatellari, mis kabellari hamda elektr tarmoqlari uchun uskunalar ishlab chiqarishida ham sezilarli darajada tashqi taʼminotga bogʻliqlik mavjud.
Zaiflikni nafaqat tovarlarning oʻzi, balki ularni yetkazib berish yoʻnalishlari ham yuzaga keltiradi. Dengiz savdosining qariyb 80 foizi kamida bitta tor oʻtish joyi orqali amalga oshadi, Suvaysh kanalining bloklanishi esa avvalroq savdo oqimlarini kuniga taxminan 10 mlrd dollarga kechiktirgan. Shu bois kompaniyalar muqobil yetkazib beruvchilarni izlamoqda, xarid majburiyatlarini birlashtirmoqda va taʼminot zanjirlarini bir necha pogʻona yuqoridan nazorat qilish uchun dasturiy xizmatlardan foydalanmoqda.
McKinsey fikricha, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, uskunalar, logistika, moliyalashtirish va sugʻurta atrofida imkoniyatlar paydo boʻladi. Yana bir yoʻnalish — taqchil materiallar kamroq talab qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqish. Biroq barqarorlik iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlashi kerak: Germaniya yoki AQShda ilgʻor mikrosxemalar ishlab chiqarish Tayvan yoki materik Xitoydagiga qaraganda 40–50 foiz qimmatroqqa tushadi. Shu sababli biznesga allaqachon shakllangan kompetensiyalar va talab mavjud boʻlgan, shuningdek xarajatlardagi tafovutni qisqartirish imkonini beradigan yoʻnalishlarni tanlash taklif etilmoqda.


