Hugging Face va OpenRouter ochiq vaznli modellarni ishga tushirishni soddalashtirish uchun hamkorlik qildi
Xizmat provayderni narx, tezlik va ishonchlilikka qarab tanlaydi, foydalanuvchi kodi esa oʻzgarmaydi

Endilikda Hugging Face Hubʼda eʼlon qilingan va provayderlarda mavjud ochiq vaznli modellarni Hugging Face tokeni yordamida yagona API orqali chaqirish mumkin. Router barcha chat modellari uchun OpenAIʼning Chat Completions va Responses APIʼlari, shuningdek Anthropicʼning Messages APIʼsini qoʻllab-quvvatlaydi.
OpenRouter provayderlar ishini narx, tezlik va ishonchlilikning joriy koʻrsatkichlari asosida baholaydi. Tanlangan xizmat sekinlashsa yoki javob berishni toʻxtatsa, soʻrov boshqa provayderga yoʻnaltiriladi, muvaffaqiyatsiz urinish esa ayni chaqiruv doirasida takrorlanadi. OpenRouter oʻlchovlariga koʻra, yangi sxema resurslar yetishmasligi sababli yuzaga keladigan xatolar sonini 46 foizga kamaytirdi, birinchi token paydo boʻlishigacha boʻlgan vaqtni 16,9 foizga qisqartirdi va oʻtkazuvchanlikni 16,3 foizga oshirdi.
Foydalanuvchi hanuz oʻz marshrutlash siyosatini yoki model identifikatoridagi suffiks orqali muayyan provayderni belgilashi mumkin. Marshrutlashda soʻrovlar keshi ham hisobga olinadi: suhbat prompt keshi saqlanadigan provayderda qoladi. Sozlamalarda ayrim provayderlarni oʻchirib qoʻyish mumkin, shunda soʻrovlar ularga yoʻnaltirilmaydi.
Foydalanuvchilar uchun narx oʻzgarmaydi: Hugging Face qoʻshimcha ustamasiz provayderning oʻz narxini qoʻllaydi. Til modellariga yuboriladigan soʻrovlar foydalanuvchi yoki tashkilot hisobidan toʻlanadi, shu sababli ular uchun provayderning shaxsiy API kalitidan foydalanib boʻlmaydi. Tasvir, video va audio yaratish uchun avvalgidek Inference Providers orqali toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash sxemasi saqlanib qoladi.
Bu hamkorlikning birinchi bosqichi. Keyinchalik kompaniyalar OpenRouter va Hugging Face akkauntlarini bogʻlashni, shuningdek marshrutlash boʻyicha koʻproq vazifalarni OpenRouterʼga topshirishni rejalashtirmoqda.
Yana oʻqing

Bu ixcham elektr krossover endi uyni ham, elektr tarmogʻini ham energiya bilan taʼminlay oladi
Texnologiyalar13:41
Yevropadagi eng yirik dasturiy taʼminot kompaniyasi SAP sunʼiy intellekt sabab 10 ming kishini qisqartirishi mumkin
Texnologiyalar13:17
