Dunyodagi poʻlat ishlab chiqarish giganti Tata Steel quvurlarni oʻzi ishlab chiqaradigan boʻladi
Tata Steel APL Apolloʻning 26,4 foiz ulushini 1,67 mlrd dollarga sotib olishini maʼlum qildi. Ochiq taklif orqali yana 26 foiz aksiyani muvaffaqiyatli sotib olsa, kompaniyaning ulushi 52,38 foizga yetadi.

Ulush APL Apolloʻning amaldagi aksiyadorlaridan har bir aksiya uchun 2 100 rupiydan sotib olinadi. Bundan tashqari, Tata Steel yana 26 foiz aksiyani har bir dona uchun 2 301,40 rupiydan sotib olish boʻyicha ochiq taklif kiritadi.
Agar taklif muvaffaqiyatli boʻlsa, Tata Steel APL Apolloʻda nazorat qiluvchi — 52,38 foizlik ulushga ega boʻladi. Bitim Tata Steel mahsulotlari tarkibida qayta ishlash darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar ulushini taxminan 35 foizdan 53 foizgacha oshirishi kerak. Kompaniya buni mahsulot turlarini kengaytirish va marjasi yuqoriroq segmentlardagi ishtirokini kuchaytirish bilan bogʻlamoqda.
APL Apollo keyingi qayta ishlovdan oʻtadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlarini amaldagi 7,5 mln tonnadan 15,5 mln tonnagacha, yaʼni ikki baravardan koʻproqqa oshirmoqchi. Kengaytirishni 2035-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan; u poʻlat quvurlar va rangli qoplamali mahsulotlar ishlab chiqarishni ham oʻz ichiga oladi.
Eʼlon qilinganidan keyin Tata Steel aksiyalari qariyb 5 foizga arzonlashdi, APL Apollo aksiyalari esa savdolar boshida 10 foizdan koʻproqqa pasaydi. APL Apollo Tata Steel uchun poʻlat quvurlar va rangli qoplamali mahsulotlar yoʻnalishlarini rivojlantirish vositasiga aylanadi. Tata Steel yiliga 35 mln tonnadan ortiq xom poʻlat ishlab chiqarish quvvatlariga ega va Hindiston, Yevropa hamda Tailandda faoliyat yuritadi.



