AI-serverlar keskin qimmatlamoqda: Dell va boshqalar 25–45% qoʻshimcha haq talab qilmoqda
Ayrim AI-server yetkazib beruvchilari shartnomalar tuzilgach, narxlarni 25–45% oshira boshladi. Muqobil variantlar kamligi sabab buyurtmachilar qayta koʻrib chiqishga rozi boʻlmoqda.

Oʻz maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini qurayotgan Jane Street, Optiver va Hudson River Trading moliyaviy kompaniyalari bu muammoga duch keldi. Financial Times maʼlumotiga koʻra, Dell, HPE, Lenovo va Supermicro joʻnatish paytida dastlabki kelishuvlardagidan yuqori hisob-fakturalarni taqdim etmoqda. Gap GPU, xotira va tarmoq uskunalariga ega serverlar haqida bormoqda.
JPMorgan tadqiqotiga koʻra, 2024-yil boshidan buyon xotira chiplarining narxi 400 foizdan koʻproq oshdi. GPUli serverlar kamida 20–30% qimmatlagan, markaziy protsessorli hisoblash tugunlari esa uch baravardan koʻproq qimmatlashgan. Ayrim yetkazib beruvchilar endi shartnomalarda yetkazib berishgacha oʻzgarishi mumkin boʻlgan dastlabki narxlarni belgilamoqda.
Bahslardan biri sudgacha yetib bordi. Iyun oyida XTX Markets Irlandiyada qiymati $549 mln boʻlgan serverlar shartnomasi yuzasidan Dellga qarshi daʼvo arizasi berdi. Kompaniya daʼvosiga koʻra, Dell keyinchalik komponentlar narxi oshganini sabab qilib, summani yana $62–70 mln ga oshirishni talab qilgan. XTX narx qatʼiy kelishilganini, xotira mikrosxemalari qimmatlashgani tufayli Dell qoʻshimcha xarajatlarni mustaqil qoplay olmasligini bildirdi.



