Sizib chiqqan maʼlumotlar Samsung One UI 9.5 yangilanishining yangi imkoniyatlarini ochib berdi
Android 17 asosidagi One UI 9.5’da Galaxy Claw sunʼiy intellekt agenti, Bixby va Daily Briefʼning yangi imkoniyatlari, shuningdek Expert RAW kamerasi uchun yaxshilanishlar paydo boʻlishi mumkin

Samsung Galaxy smartfonlari uchun yirik yangilanish tayyorlamoqda. Sizib chiqqan maʼlumotlarga koʻra, One UI 9.5 Android 17 asosini saqlab qoladi, biroq sunʼiy intellekt asosidagi bir nechta imkoniyatni qoʻshadi.
Asosiy yangilik Galaxy Claw nomli shaxsiy agent boʻlishi mumkin. U taqvim, kontaktlar, galereya, Gmail, xabarlar, bildirishnomalar, Perplexity, telefon va diktofonga kirish imkoniga ega boʻladi. Agent reja asosida vazifalar ham yarata oladi. Taxminlarga koʻra, bu funksiya oyiga 4,99 dollar turadigan AI Premium pulli tarifining bir qismi boʻladi. Samsung sunʼiy intellektdan foydalanishni nazorat qilish uchun alohida panel ham qoʻshishi kutilmoqda.
Bixbyʼda Memory funksiyasi paydo boʻlishi mumkin. U yordamchiga foydalanuvchining avvalgi suhbatlari va buyruqlaridagi maʼlumotlarga murojaat qilish imkonini beradi. Yana bir vosita — Daily Brief — turli ilovalardan bildirishnomalarni yigʻib, ularni mavzuli kartochkalarga birlashtiradi. Hozircha tilga olingan toifalar orasida moliya va toʻlovlar, bronlar va uchrashuvlar, shuningdek ish elektron pochtasi bor.
Oʻzgarishlar Expert RAW kamerasiga ham taalluqli boʻladi. Unda tushunarliroq yorliqlar, sozlanadigan tugmalar, ekranni bloklash va ketma-ket suratga olish imkoniyatlari tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, yangilanishda video qoʻllab-quvvatlashi ham paydo boʻlishi mumkin.
Kutilishicha, One UI 9.5 avval Galaxy S27 seriyasidagi qurilmalarda chiqadi, keyin esa boshqa modellar uchun ham taqdim etiladi. Galaxy S26 uchun beta-versiya ham keyinroq paydo boʻlishi mumkin. Yangi imkoniyatlarning toʻliq roʻyxati hozircha oshkor etilmagan.
Yana oʻqing

Bu ixcham elektr krossover endi uyni ham, elektr tarmogʻini ham energiya bilan taʼminlay oladi
Texnologiyalar13:41
Yevropadagi eng yirik dasturiy taʼminot kompaniyasi SAP sunʼiy intellekt sabab 10 ming kishini qisqartirishi mumkin
Texnologiyalar13:17
