Mustaqil baholovchilar OpenAI modellarining xavfsizligini tekshiradi
Apollo Research, METR, Transluce va Goodfire modellar xatti-harakati hamda himoya mexanizmlarini pilot tartibida tekshiradi

OpenAI oʻz modellarining xavfsizligini tekshirish uchun toʻrtta mustaqil baholovchi bilan kelishuvlar tuzdi. Dastlab tashkilotlar alohida pilot tadqiqotlar oʻtkazadi, kompaniya esa ularning natijalaridan tashqi ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirishda foydalanmoqchi.
Apollo Research modellar ishlab chiquvchilarning niyatlariga zid ravishda yashirincha harakat qila oladimi va himoya mexanizmlari buni aniqlaydimi — shuni tekshiradi. Goodfire oʻz tadqiqotchilarini OpenAI ichiga joylashtiradi: ular modellarni oʻqitish jarayonini kuzatish, xatolarni izlash va ularning xatti-harakatini sozlash bilan shugʻullanadi. METR modellarni belgilangan maqsadlarga muvofiqlashtirish va monitoringga bagʻishlangan ikkita tekshiruv oʻtkazadi. Transluce modellarni muvofiqlashtirishni tekshirish uchun oʻqitishdan keyin qoʻllanadigan usullarni baholaydi, keyin esa kelasi yili modellar va axborotdan kengroq foydalanish imkoniyati beriladigan, sakkiz hafta davom etadigan yana bir tadqiqot oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
OpenAI maʼlumotlariga koʻra, baholovchilar kompaniyaning oʻz tadqiqotchilari foydalanadigan ichki resurslardan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Ular qatoriga dastlabki kod, modellarning nazorat nusxalari, oʻqitish maʼlumotlari va texnik hujjatlar kiradi. Tashkilotlar OpenAI xodimlari bilan ham muloqot qila oladi.
Apollo Research va Goodfire moliyaviy tovon oladi, biroq uning miqdori ham, toʻlanishi ham tekshiruv natijalariga bogʻliq emas. METR va Transluce oʻz ishi uchun haq olmaydi, ammo hisoblash resurslari yoki API kreditlarini qabul qilishi mumkin. OpenAI mukofotning oʻzi baholovchilarning mustaqilligiga xalaqit bermaydi, deb hisoblaydi, ammo bu maʼlumotni oshkor qilmoqda.
Tashkilotlar natijalarni eʼlon qilishi mumkin, biroq OpenAI maxfiy maʼlumotlarni yashirish huquqini oʻzida qoldiradi. Kompaniya va baholovchilar oʻrtasidagi nizolarni avval OpenAIʼning xavfsizlik boʻyicha maslahat guruhi koʻrib chiqadi. Agar kelishuvga erishib boʻlmasa, masala OpenAI Foundation kengashining mustaqil nazorat organi — xavfsizlik va himoya qoʻmitasiga yuboriladi.



