Toshkent viloyatida Yaponiya va Xitoy bozorlari uchun toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda
2027-yilning birinchi choragida Yaponiya uchun sinov partiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Tokiodagi muzokaralar Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida oʻtkazildi. Uchrashuvda Yaponiya tomonidan Masui Holdings direktorlar kengashi raisi Keyji Masui ishtirok etdi.
Yaponiya kompaniyasiga viloyatda qoʻshma korxona tashkil etish imkoniyatini koʻrib chiqish taklif qilindi. Korxona mahalliy xomashyodan foydalanib, maxsus turdagi ip-kalavalarni ishlab chiqarish va boʻyashga ixtisoslashishi mumkin. Tayyor mahsulotlarni Yaponiya va Xitoyga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar, shuningdek, Yaponiya texnologiyalari va sifat standartlarini joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Viloyatdagi toʻqimachilik korxonalarining texnologlari va sifat nazorati boʻyicha mutaxassislari uchun Osakada ikki haftalik oʻquv tashkil etish taklif qilindi.
Yana bir mumkin boʻlgan yoʻnalish — viloyatdagi istiqbolli korxonalarni yaponiyalik ekspertlar ishtirokida auditdan oʻtkazish. Shundan soʻng ishlab chiqarish imkoniyatlarini baholash va 2027-yilning birinchi choragida Yaponiya bozori uchun ikki-uch turdagi mahsulotning sinov partiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Viloyat loyihani amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyor: yer uchastkasi va mahalliy hamkorlarni tanlash, xomashyo yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish, mutaxassislarni saralash hamda Yaponiyadan ekspertlarning tashriflarini tashkil etish.



