YI 50 mlrd yevrogacha texnologiyalar jamgʻarmasini tuzmoqchi
Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining strategik texnologiyalariga sarmoya kiritish uchun 50 mlrd yevrogacha mablagʻga ega jamgʻarma tuzishni taklif qildi; uni 2028-yil 1-yanvargacha ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Komissiya STEF texnologiyalarni aksiyadorlik asosida moliyalashtirish jamgʻarmasini 50 mlrd yevrogacha mablagʻ bilan tuzishni taklif qilmoqda. Unda boshqa davlat va xususiy investorlar bilan bir qatorda YI hamda unga aʼzo davlatlar ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Mablagʻlar strategik Yevropa kompaniyalari va sanoat loyihalariga, jumladan, kvant texnologiyalariga yoʻnaltiriladi. Jamgʻarmani tuzish hali Yevroparlament va Yevropa kengashi koʻrib chiqishi kerak boʻlgan Quantum Act qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat, shuningdek, tadqiqotlarni kvant mahsulotlari va xizmatlariga aylantirishga koʻmaklashish, taʼminot zanjirlarini mustahkamlash hamda YI raqamli tizimlarini kvantdan keyingi kriptografiyaga tayyorlashga qaratilgan. Yevropa Ittifoqi 2030-yilga borib sohaning jahon yetakchilari qatoridan joy olishni kutmoqda va kvant texnologiyalarini yetkazib berish boʻyicha tenderlarda xorijiy kompaniyalarning ishtirokini cheklamoqchi. Yevrokomissiya maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi kvant kompaniyalarining qariyb uchdan bir qismi YI hududida joylashgan.



