Qoʻshni mamlakatlardan keladigan har toʻrtinchi sayyoh Oʻzbekistonga davolanish uchun keladi
Qoʻshni mamlakatlardan soʻrovda qatnashgan har toʻrtinchi sayyoh Oʻzbekistonga davolanish uchun keladi, dedi Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulov.

Soʻrov natijalariga koʻra, qoʻshni mamlakatlardan keladigan sayyohlarning 25,2 foizi Oʻzbekistonga davolanish maqsadida tashrif buyuradi. Avvalroq bu davlatlardan kelgan mehmonlarning qariyb 80 foizi qarindoshlarini koʻrishni safarning asosiy sababi deb koʻrsatgan boʻlsa, hozir bunday javobni 25,2 foiz bergan.
Yana 26,5 foiz sayyoh sayohat va dam olish uchun, 23,1 foizi esa xarid qilish, ziyorat, taʼlim va xizmat safarlari uchun keladi. Akkulov talab tarkibidagi oʻzgarishlar mehmonxona biznesi, tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmi, savdo, gastronomiya hamda koʻngilochar industriyaga investitsiya kiritish imkoniyatlarini yaratishini taʼkidladi.



