Markaziy Osiyoda havo tashuvlari 2035-yilga borib 31,7 mln yoʻlovchidan 59 mlngacha oshishi mumkin
Oʻzbekistonning vazifalaridan biri — Toshkent va Navoiyni aviatsiya xablari sifatida rivojlantirish

Tahliliy maʼlumotlarga koʻra, Markaziy Osiyoning besh mamlakatida yoʻlovchi oqimi 2025-yildagi 31,7 mln kishidan 2035-yilga kelib qariyb 59 mlngacha oshishi mumkin. Shu muddatgacha mintaqa aeroport infratuzilmasiga $5 mlrddan ortiq mablagʻ kiritish rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonda 2018–2019-yillardagi islohotlardan soʻng aviakompaniyalar, aeroportlar va aeronavigatsiya xizmatlarining vazifalari mustaqil operatorlar oʻrtasida taqsimlandi. Liberallashtirish bozorni yangi tashuvchilar uchun ham ochdi. Hozir mamlakatda oʻndan ortiq mahalliy aviakompaniya faoliyat yuritmoqda, 2025-yilda ular 11 mln nafardan ortiq yoʻlovchini tashidi.
Ustuvor yoʻnalishlar qatorida Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi doirasida havo qatnovlarini rivojlantirish, Navoiy aeroportini xalqaro yuk xabiga aylantirish hamda havo, temiryoʻl va avtomobil transportini birlashtirish qayd etildi. Elektron tijorat bilan bogʻliq yuk tashish salohiyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼruzada keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo oʻrtasidagi Toshkent orqali oʻtadigan yoʻnalishlarda qoʻshimcha masofa 1 foizdan kamni tashkil etadi, ayrim boshqa xablardan foydalanilganda esa 6 foizdan oshadi. Oʻzbekiston aviakompaniyalar, lizing kompaniyalari va investorlar bilan hamkorlik qilish, infratuzilmani rivojlantirish hamda kadrlar tayyorlashga tayyorligini ham maʼlum qildi.



