Qozogʻiston Oʻzbekiston va Afgʻonistonga yuk joʻnatish boʻyicha yangi talablarni joriy etdi
13-noyabrdan joʻnatuvchilar yoʻriqnoma taqdim etishi va boʻsh vagonlar tarkibini qaytarish haqini toʻlashi kerak

Yangi qoidalar bekor qilinmaguncha amal qiladi va «Sariagash», «Oazis» hamda «Maktaaral» davlatlararo tutashuv punktlari orqali amalga oshiriladigan tashuvlarga tatbiq etiladi. Cheklovlar boshqa temir yoʻl maʼmuriyatlariga tegishli vagonlarga taalluqli. Mulkchilik kodlari 27 (Qozogʻiston) va 29 (Oʻzbekiston) boʻlgan vagonlar bundan mustasno.
Yukni boshqa temir yoʻl maʼmuriyatiga tegishli vagonda joʻnatish uchun yuk joʻnatuvchi uni yuk tushirilganidan keyin qaytarish boʻyicha telegramma-yoʻriqnomani oldindan taqdim etishi kerak. Unda boʻsh vagonlar tarkibi boradigan stansiya, zarur kodlar koʻrsatilgan holda tashuvni qabul qiluvchi va toʻlovchi maʼlumotlari qayd etiladi. Shuningdek, qaytarish tashuvi haqini toʻlash va qaytarish yoʻnalishini SMGS yuk xatining 3-grafiga kiritish lozim.
Yuk xatida borish stansiyasi, temir yoʻl va qabul qiluvchi, chegara oʻtish punktlari, tashuvda qatnashuvchi tashuvchilar hamda tashish toʻlovlarini amalga oshiruvchi toʻlovchilar koʻrsatilishi kerak. Yoʻriqnoma amaldagi konvensiyaviy cheklovlarni hisobga olgan holda tashish hujjatlariga ilova qilinadi.
Bu hujjatlarsiz boshqa temir yoʻl maʼmuriyatiga tegishli vagondagi yuk tashishga qabul qilinmaydi. Agar xatolar yoʻlning oʻzida aniqlansa, joʻnatuvchi ularni SMGS qoidalarida belgilangan muddatlarda tuzatishi kerak boʻladi. Aks holda yuk joʻnatish stansiyasiga qaytariladi, qaytarish xarajatlari, vagonlarning bekor turishi va boshqa sarf-xarajatlar esa joʻnatuvchi zimmasiga yuklanadi. Oʻzgarishlar «Oʻzbekiston temir yoʻllari»ning boʻsh vagonlarni ular roʻyxatdan oʻtgan mamlakatlarga oʻz vaqtida qaytarish haqidagi talablarini bajarish maqsadida joriy etildi.



